Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan masala — “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 170-moddasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda chet el valyutasini ayirboshlash erkinlashtirilgandan buyon sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, xorijiy valyutaning qonuniy muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar keskin oshib bormoqda.

“Masalan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan o‘tkazilgan tahlillar bu toifadagi jinoyatchilikning keskin o‘sish holatlarini ko‘rsatmoqda: birgina joriy yilning 9 oyida 2 069 ta (2017 yil shu davrida — 1 656) shunday huquqbuzarliklar aniqlangan”, deyiladi xabarda.

Shuni inobatga olgan holda tayyorlangan qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasi, Jinoyat kodeksi 177-moddasining sanksiyasiga o‘zgartish kiritish orqali valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun jazo choralarini belgilash hamda jarimalar miqdorini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi bu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini kuchaytirishga, aholi tomonidan chet el valyutalarini ayirboshlash shoxobchalari orqali xarid qilish darajasini oshirishga, iqtisodiyotda xufiyona sektorning darajasini kamaytirishga va chet el valyutasining nazoratsiz chiqib ketish yo‘llarini bartaraf etishga yordam beradi.