Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Farmonga muvofiq, investorlar, ayniqsa xorijiy investorlarning investitsiya hissalarini tezkor va samarali jalb etish maqsadida investitsiya va boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilish amaliyoti kengaytiriladi.

Farmonda belgilanganidek:

  • investitsiya kompaniyasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan keyinchalik innovatsion va boshqa istiqbolli loyihalarga kiritish uchun malakali investorlarning jalb etilgan mablag‘larini shakllantirish va jamlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi;
  • boshqaruv kompaniyasi investitsiya kompaniyasining investitsiya hissasini ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqaradigan tijorat tashkiloti hisoblanadi;
  • venchur fondi jamlangan pul mablag‘larini faqatgina yuqori xavfli venchur loyihalariga investitsiya qilish uchun mo‘ljallangan, boshqaruv kompaniyasi boshqaruvidagi investitsiya kompaniyasi hisoblanadi;
  • milliy valyutada va/yoki Markaziy bankning hissa kiritilgan kundagi kursi bo‘yicha xorijiy valyutada 500 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordagi investitsiya kiritgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar malakali investorlar hisoblanadi.

Boshqaruv va investitsiya kompaniyalari, agar qonun hujjatlarida boshqa holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.

Farmon bilan quyidagilar belgilandi:

  • investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyati litsenziyalanmaydi;
  • boshqaruv kompaniyasi o‘zining ta’sis hujjati va qonun hujjatlari bilan belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishga majbur;
  • investitsiya kompaniyalari, boshqaruv kompaniyalari va malakali investorlar o‘rtasidagi munosabatlar faqatgina shartlari ular tomonidan mustaqil ravishda belgilanishi, shu jumladan birgalikdagi faoliyat jarayonida paydo bo‘ladigan nizolarni hal qilish shakli va usullarini tanlash erkin bo‘lgan shartnoma asosida tartibga solinadi;
  • investitsiya kompaniyalari zayomlar, shu jumladan garov ta’minoti bilan yoki garov ta’minotisiz foizsiz zayomlar berish huquqiga ega;
  • investitsiya kompaniyasi har yili tashqi audit o‘tkazilishini tashkil etishga majbur;
  • investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyatini monitoring qilish qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha tashkil etilgan hamda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan investitsiya va boshqaruv kompaniyalari o‘z faoliyatlarini belgilangan tartibda davom ettirishlari mumkin.