Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.
Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida tizimli tus olib, qimmatbaho metallarning yashirincha aylanishiga va chet ellarga noqonuniy olib chiqib ketilishiga olib kelmoqda. Noqonuniy ravishda oltin qazib olish chog‘ida shikastlanishlar va o‘lim holatlari sodir bo‘lmoqda.
Qarorga binoan, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni tadbirkorlik turi sifatida rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yer qa’ri uchastkasini samarali o‘zlashtirish, shuningdek, oltin va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida 2019 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati joriy qilinadi.
2019 yil 1 martdan boshlab:
- tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati joriy etiladi;
- qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qa’ridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qa’ri uchastkalarida amalga oshiriladi;
- mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalari, shu jumladan o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi;
- yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi;
- yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo‘lishlari mumkin;
- litsenziya Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari bo‘yicha 3 yil muddatga beriladi;
- elektron auksionni o‘tkazish va mazkur qarorga muvofiq litsenziyani berishning umumiy muddati “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 10 kundan oshmaydi;
- yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi 7,5 mln. сўмни tashkil qiladi;
- litsenziya yoki yer qa’ri uchastkasidan (to‘liq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qa’ri uchastkalarining davlat nazorati Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;
- oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga, shuningdek zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi;
- qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chog‘ida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning og‘ir tan jarohati olishi yoki o‘limiga olib kelishi litsenziyani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos bo‘ladi;
- qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan so‘ng, yer qa’ridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qa’ri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklanadi.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini ushbu qarorda belgilangan shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiradigan shaxslar qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qismi bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod etiladi.