Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Norinboyev qishloq ayollari uchun iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilash bo‘yicha Yaponiyaning ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasining loyihaviy taklifi bo‘yicha Tara Sharofudin boshchiligidagi Jahon banki vakillarini qabul qildi.

Loyiha qishloq ayollarining iqtisodiy jihatdan imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, JSDF (Yaponiya ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasi) granti tomonidan moliyalashtiriladi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

Tara Sharofudinning ta’kidlashicha, JSDF granti orqali moliyalashtirilishi taklif etilayotgan qishloq ayollarining iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha pilot loyihasini ishlab chiqish uchun asosiy manfaatdor tomonlar va bo‘lajak benefitsiarlar bilan maslahat uchrashuvlari uyushtirishdir.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda ham “Aqlli qishloq” loyihasini joriy qilish masalalarini muhokama qildilar.

Delegatsiya a’zolari Hindiston va Ozarbayjon misolida “Aqlli qishloq” loyihasi to‘g‘risida so‘zlab berdilar. Hindistonda bu loyiha Microsoft kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, uning doirasida qishloqlar internet, uyali aloqaga ulangan, ijtimoiy masalalar hal qilingan.

Ozarbayjonda esa loyihani Jahon banki moliyalashtirgan bo‘lib, unda tadbirkorlik uchun mahalliy dastur ishlab chiqilgan, qishloq ayollari o‘z tadbirkorlik faoliyatlari borasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun imkoniyat beradigan biznes-inkubator yaratilgan.