Surxondaryo viloyatidagi tijorat banklaridan birida kredit bo‘limi mutaxassisi bo‘lib ishlayotgan Sanjar Nuriyev Muzrabot tumani At-Termiziy mahallasida yashovchi Ashur Choriyevga o‘zini bankning kredit bo‘limi boshlig‘i sifatida tanishtiradi.

Choriyevga “Neksiya-3” rusumli avtomashina sotib olishi uchun qisqa vaqtda avtokredit rasmiylashtirib berishni va’da qiladi. Shahardagi Bog‘zor mahallasi hududida uning 21 million 80 ming so‘m pulini olib, o‘zlashtirib ketadi.

Hujjatni kutaverib, Choriyev oradan qariyb bir oy o‘tgach bu haqda ichki ishlar bo‘limiga ma’lum qiladi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Mazkur holat bo‘yicha olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari natijasida Nuriyevning boshqa qilmishlari ham fosh bo‘ldi. Jumladan, Termiz shahridagi Gulira’no mahallasida yashovchi Bahrom Namozovning 38 million so‘m, Qumqo‘rg‘on tumani Surxon Sohili mahallasida yashovchi Sobir Mengnorovning 21 million 79 ming so‘m pullarini avtokreditning boshlang‘ich omonatini rasmiylashtirib berish uchun, deya olib o‘zlashtirib ketgani aniqlandi.

Fuqaroga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.