Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bojxona to‘lovlari bo‘yicha qo‘llanilgan imtiyozlardan maqsadli foydalanish ahvoli muntazam ravishda tahlil qilinib, bunday tadbirkorlarni qilmishlari fosh etilmoqda.

Shulardan biri, Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan MCHJ mansabdor shaxslari, jamiyatning ishlab chiqarish sexi mavjud bo‘lmasada, soxta ma’lumotlar asosida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lib, xorijiy davlatdan import qilingan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan 553 mln so‘mlik imtiyoz olishgan.

Tekshirishda jamiyat mansabdor shaxslari import qilingan tovarlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirmasdan, naqd pulga sotib yuborishgani aniqlandi.

Xuddi shu usulda, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga soxta hujjatlar asosida a’zo bo‘lish orqali import qilingan matolarni ishlab chiqarishga sarflamasdan, ichki bozorda naqd pulga sotish bilan shug‘ullanib, 682 mln so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan qonunga zid foydalangan Shayxontohur tumanidagi MCHJ faoliyati ham fosh etildi.

Yuqoridagi har ikki jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.