2019 yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan o‘zbek-belorus qo‘shma instituti ochiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Belorus davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi.
“Amaliy mutaxassisliklar instituti Belorus milliy texnika universiteti bazasida tashkil etilib, unda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori bo‘lgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor beriladi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qo‘shma institutga kelgusi o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, unda ikki davlat fuqarolari o‘qishlari mumkin. Institutda o‘quv jarayonlari xalqaro standartlar asosida ikki davlat o‘quv rejalariga tayangan holda olib boriladi.
Shuningdek, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qo‘shma markaz tashkil etiladi.