Toshkent shahrida “Tashkent Central Park” ko‘p tarmoqli kompleks qurilish loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Vazirlar mahkamasi qarorida keltirilgan.

Qarorga binoan loyihani Turkiyaning “Taşkent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim Şirketi” va O’zbekistonning “UzTur Investment and Development” kompaniyasi amalga oshiradi.

Investorlar loyihani amalga oshirish doirasida 2019−2020 yillarda o’z mablag’lari va jalb qilingan mablag’lar hisobidan loyiha hujjatlariga muvofiq besh yulduzli mehmonxona, savdo-ko'ngilochar markaz, tijorat banki uchun ma’muriy binolar va boshqa inshootlar qurish majburiyatini oldilar.

Loyihani amalga oshirish doirasida investorlar va pudrat tashkilotlariga:

  • qurilishni “fast-track” uslubida, foydalanishga “tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirishga;
  • qurilish uchun olib kelinadigan import tovarlarni omborlarda “bojxona ombori” rejimida joylashtirishga ruhsat berildi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, 2022 yil 1 yanvarga qadar investorlar va pudrat tashkilotlari yagona ijtimoiy to’lovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg’armalariga majburiy to’lovlarni to’lashdan ozod etildi.

Loyiha Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh ko’chasi, Shahrisabz va Istiqlol ko’chalari doirasidagi umumiy maydoni 2,5 ga bo’lgan maydonda barpo etiladi.