Prezident “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Farmonga muvofiq, 2019−2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Farmonga ko‘ra:
- 2019 yil 1 apreldan boshlab respublikaning ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimi (moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etiladi;
- eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlari 2020 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etiladi;
- 2019 yil 1 iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi;
- 2019 yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalari ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi;
- 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Shuningdek, “elektron sog‘liqni saqlash” tizimi keng joriy etilib, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi majmuasi yaratiladi.