Kelgusi yilda inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettiriladi. Bu haqda prezident Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, inflyatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlab turish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

  • Birinchidan, biz samaradorligi past bo‘lgan va yetarlicha yangi ish o‘rinlari yarata olmayotgan yirik davlat korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratishni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. 2019 yilda kreditlar berishda byudjet hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlarini ko’paytirmaslik;
  • Ikkinchidan, milliy valyutamiz hamda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit siyosatini tartibga solishning zamonaviy vositalarini joriy etish;
  • Uchinchidan, asosiy turdagi oziq-ovqat va boshqa iste’mol tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz va bu orqali narxlar barqarorligini ta’minlashimiz kerak. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratish;
  • To‘rtinchidan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar bo‘yicha narxlarning shakllanish mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda ularni faqat birja savdolari orqali sotish, shu asosda erkin рақ́обат muhitini yaratish;
  • Beshinchidan, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishimiz;
  • Oltinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan iste’mol tovarlari importi bo‘yicha tariflarni tartibga solishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy qilish;
  • Yettinchidan, respublikamizning iqtisodiy ahvoli og‘ir hisoblangan 27 ta shahar va tumanini kompleks rivojlantirish maqsadida, avvalo, yirik investitsiya loyihalarini ushbu hududlarda amalga oshirish zarur.

Prezidentning so’zlariga ko’ra, agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, chala-chulpa, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart.