O’zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro yo‘nalishlardagi avtobuslar qatnovi yana bittaga ko‘paydi, deb yozadi Avtomobil transport agentligi matbuot xizmati.

Qozog‘istonga yo‘lga qo‘yilgan muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlari soni 6 taga yetdi:

  • “Toshkent- Chimkent”;
  • “Toshkent- Olmaota”;
  • “Toshkent- Qizilo‘rda:;
  • “Nukus- Ushkunur”;
  • “Chirchiq- Ushkunur”;
  • “Toshkent — Turkiston.

“Turkiston — Toshkent — Turkiston” xalqaro avtobus yo‘nalishi masofasi 335 km bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 6 soat 40 daqiqani tashkil etadi. Yo‘nalish harakat jadvali bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasining “Jibek joli” va O’zbekistonning “G'isht ko‘prik” chegara maskanlari orqali o‘tiladi.

“Ushbu yo‘nalishda qatnovlarni har kuni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l xaqi tarifi O’zbekiston pul birligida 50 ming so‘m, Qozog‘iston pul birligida 2 000 tenge etib belgilangan”, deyiladi xabarda.

Mazkur xalqaro avtobus yo‘nalishida O’zbekiston tomondan “O'zavtotrans servis” MChJ va Qozog‘iston tomonidan “Baqdaulet Servis” kompaniyasi faoliyat ko‘rsatadi.