Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bojxona to‘lovlari bo‘yicha qo‘llanilgan imtiyozlardan maqsadli foydalanish ahvoli muntazam ravishda tahlil qilinib, bunday tadbirkorlarni qilmishlari fosh etilmoqda.

Yunusobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Musharraf atlas textil” MCHJ mansabdor shaxslari soxta ma’lumotlar asosida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lib, bojxona organlariga uyushmaga a’zoligi haqidagi hujjatlarni taqdim etish orqali xorijiy davlatdan import qilingan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan 951 mln so‘mlik imtiyoz olishgan.

Tekshirishda qayd etilgan jamiyat mansabdor shaxslari import qilingan tovarlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirmasdan, naqd pulga sotib yuborishgani aniqlandi.

Xuddi shu usulda, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga soxta hujjatlar asosida a’zo bo‘lish orqali import qilingan matolarni ishlab chiqarishga sarflamasdan, ichki bozorda naqd pulga sotish bilan shug‘ullanib, 1,9 mlrd so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan qonunga zid foydalangan Yunusobod tumanidagi “Shukrona milliy servis” MCHJ faoliyati ham fosh etildi.

Yuqoridagi har ikki jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborildi.