Innovatsion rivojlanish vazirligining Transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasida Koreyaning “SMC Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekistonda gaz-balon uskunalarni sinovdan o‘tkazish va avtotransport vositalarini texnik ko‘rigini amalga oshiruvchi markazlarga ega avto-klasterlarni yaratish loyihasi muhokama qilindi.

“Koreya respublikasida gaz baloni portlashi bilan bog‘liq halokat oxirgi marta 2010 yili bo‘lgan. Qator chora tadbirlar ko‘rilishi, xususan, Germaniya, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlarning xalqaro tajribasini o‘rganish natijasida bugunga kunga qadar biror marta shu masalada noxush hodisa yuz bermagan”, deyiladi xabarda.

Xabarga ko’ra, “SMC Co., Ltd” kompaniyasi yurtimizning barcha hududlarida gaz-ballon uskunalarini sinovdan o‘tkazuvchi (300 ta laboratoriyadan iborat) va avtotransport vositalarini tekshiruvchi (150 ta laboratoriyaga ega) Sinov markazi hamda biror o‘quv muassasasi qoshida zamonaviy IT-texnologiyalar bilan jihozlangan Nazorat markazini tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

Bu loyihaga Koreya kompaniyasi 50 mln. $ miqdorida investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi.