2018 yilning 18 dekabr kuni parlament quyi palatasida Atom energetikasi bo‘yicha “Rosatom” Davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Lokshin boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Joriy yilning 19 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O’zbekistonda birinchi AES qurilishiga start bergan edilar.
AESning qurilish loyihasi SSER-1200 rusumdagi reaktorlar bilan jihozlangan ikkita energoblokning qurilishini o‘z ichiga oladi. Mazkur energobloklar 3+ avlodiga tegishli bo‘lib, zamonaviy texnologiyalarning ishonchliligini sezilarli darajada oshirgan holda, AEXAning zamonaviy xavfsizlik talablariga to‘la javob beradi.
Ta’kidlanishicha, AESning ishga tushirilishi yiliga 3,7 mlrd. kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga chiqadigan is gazi, xususan, 14 mln. tonnagacha is gazi va 36 ming tonnagacha azot dioksidi chiqarilishi mikdorini kamaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, AES qurilishi davrida 8 ming nafardan ziyod, ekspluatatsiya davrida esa, 3 ming nafar odamni yangi ish o‘rni bilan ta’minlashga imkon yaratiladi.