Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi abonent raqamini saqlab qolgan holda uyali aloqa operatorini almashtirish tartibi loyihasini QHTBT portalida muhokama qilish uchun joylashtirdi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Abonentga o‘z raqami bilan operatordan operatorga o‘tish huquqini berish taklif etilmoqda. Buni 180 kalendar kunda ko‘pi bilan 1 marta amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Uyali aloqa operatorlari pullik asosda tegishli xizmatni ko‘rsatadilar.

Quyidagi jihatlarni qoida sifatida belgilash taklif etilmoqda:

  • uyali aloqa operatorlari uchun ajratilgan raqamlargina ko‘chiriladigan raqamlar bo‘lishi mumkin. Raqam ko‘chirilganligi natijasida raqamni terish formatini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • qat’iy belgilangan telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish uchun foydalaniladigan raqamlarni uyali aloqa tarmoqlariga ko‘chirish va buning aksini bajarish taqiqlanadi.

Ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun Ko‘chiriladigan raqamlarning markazlashtirilgan bazasi tashkil etiladi. U uyali aloqa tarmoqlarida ko‘chirilgan abonent raqamlari to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini boshqarish apparat-dasturiy kompleksidan tashkil topadi.

Abonentning buyurtmanomasi asosida uyali aloqa operatorlari uyali aloqa tarmoqlarida abonent raqamlari 1 ish kuni ichida ko‘chirilishini ta’minlaydilar.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.