Davlat soliq qoʻmitasida Oʻzbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda Rossiya Federal soliq xizmati rahbari oʻrinbosari Aleksey Overchuk boshchiligidagi texnik koʻmak koʻrsatish boʻyicha ekspertlar ishchi guruhi aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha birgalikda quyidagi yoʻnalishlarda texnik hamkorlik qilish yuzasidan kelishib olishdi:
- biznes-jarayonlarni takomillashtirish: zamonaviy texnologiyalar yordamida qoʻshilgan qiymat soligʻini samarali nazorat qilish tizimini yaratish va chakana savdo tarmogʻida maxsus onlayn kassa apparatlaridan foydalanish;
- mol-mulk soligʻi tizimini takomillashtirish;
- soliq toʻlovchilar bilan biznes-hamkor va maslahatchi sifatidagi yangicha ishlash konsepsiyasini ishlab chiqish, Oʻzbekiston soliq organlari uchun korporativ identifikatsiyani yaratish va treninglar oʻtkazishdan iborat.
Rossiya soliq organlarining bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, soliq hisobini samarali yuritish, soliq toʻlovchilarga yaratilgan keng imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.