Markaziy bank tomonidan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhoma uchun taqdim etildi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Qonun 12 ta bob, 65 ta moddadan iborat va quyidagi yo‘nalishlarni tartibga soladi:

  • to‘lov tizimlarini yaratish va ularning faoliyat yuritishi, ular ustidan nazorat;
  • hisob-kitoblarning yagona axborot makonini shakllantirish;
  • to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish va to‘lovlarni amalga oshirish.

To‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini banklar ham, boshqa yuridik shaxslar (to‘lov operatorlari) ham amalga oshirishlari mumkin.

Ular o‘zlari belgilagan qoidalarga ko‘ra to‘lov tizimi faoliyat yuritishini ta’minlaydilar. Qoidalar, shuningdek operator tariflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ulardagi o‘zgartirishlar operatorning veb-saytida e’lon qilinib, ular e’lon qilingan sanadan keyin qo‘llaniladi. To‘lov operatori bo‘lishni xohlovchi yuridik shaxs MBda tegishli litsenziya olishi kerak.

Belgilangan “to‘lov” qonunchiligi talablarini buzganligi uchun MBning to‘lov tizimi operatoriga nisbatan chora va sanksiyalarni qo‘llaydi. Xususan, agar ushbu qonunbuzarliklar to‘lov tizimi uzluksiz faoliyat yuritishiga yoxud ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlariga ta’sir qilsa, MB quyidagi choralardan birini qo‘llaydi:

  • qonunbuzarlikni bartaraf etish muddatini ko‘rsatgan holda uni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma yo‘llaydi;
  • 5 000 EKIHgacha bo‘lgan miqdorda (bugungi kunda u 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi) jarima soladi;
  • ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni 6 oygacha muddatga cheklaydi (to‘xtatib qo‘yadi);
  • litsenziyaning amal qilishini 3 oygacha muddatga to‘xtatib qo‘yadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.