21 dekabrda “Raqamli ishonch” jamg`armasi va O`zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi o`rtalarida blokcheynni joriy etish bo`yicha Memorandum imzolandi. Bu haqda “Raqamli ishonch” fondi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Unga ko`ra, O`zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi faoliyatiga blokcheyn tatbiq etiladi.

2018 yilning yanvar oyidan buyon ko`chmas mulk kadastri va uni ro`yxatdan o`tkazish tizimida ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarining afzalliklari va imkoniyatlari o`rganildi. Hozirgi kunga kelib blokcheynni joriy etish bo`yicha texnik topshiriq ishlab chiqilgan.

“O`zbekiston davlat sektorining ko`plab muassasalari monitoring tizimi va yagona ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi sababidan qator muammolar bilan to`qnashmoqda. Dastlabki ma’lumotni o`zgartirish mumkin bo`lgan va inson faktori bo`lgan yerda har doim korrupsiya sxemasi ehtimoli mavjud bo`ladi. Biz ushbu muammolarni blokcheynni tatbiq etish orqali hal etishni taklif etamiz” — deb ta`kidladi “Raqamli ishonch” Raqamli iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg`armasi texnologiyalar bo`yicha investitsion direktori Bobir Akilxanov.

Ta’kidlanishicha, texnologik yangiliklar ko`chmas mulk kadastri va uni ro`yxatdan o`tkazish sohasidagi faoliyatning shaffofligiga nisbatan keskin zaruratni bartaraf etish uchun kiritilmoqda. Joriy etilgan blokcheyn texnologiyasi O`zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirib, uning Doing Business reytingi tegishli pog`onasida ham yuqoriga ko`taradi.