17−23 dekabr mobaynida onlayn auksion orqali 813 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi deyarli 5,2 milliard so‘mni tashkil qilib, ilgarigi natijadan 67,7% ga oshdi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 24% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 47% ikkinchi va 29% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 39% ga teng. Keyingi o‘rinda Namangan viloyatining avto havaskorlari 9% ulush bilan joylashdi.

Uchinchi o‘rin Samarqand va Buxoro viloyatlarining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 8% ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 36% ga teng.