Mordoviya davlat universiteti professorlari Andijon davlat universiteti talabalari uchun vebinar tarzda onlayn ma’ruzalar o‘qishdi, deb xabar beradi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

2018 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumidagi kelishuvlar natijasiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universiteti va Andijon davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Unga ko’ra, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab universitetda Mordoviya davlat universiteti bilan qo‘shma dasturlar, asosida talabalarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Mordoviya davlat universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan Andijon davlat universiteti talabalari uchun onlayn tarzida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish rejasi ishlab chiqildi.

Hamkorlik memorandumiga muvofiq, Mordoviya davlat universiteti matematik analiz kafedrasi professorlari Ravilya Bekmurzina hamda Anna Klimovalar tomonidan universitetning matematika ta’lim yo‘nalishining 3-bosqich talabalari uchun vebinar onlayn ma’ruzalar olib borildi.