O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Loyiha boshqaruvi milliy agentligining vazifa va funksiyalari raqamli iqtisodiyot va sifatli loyiha boshqaruvini ustuvor rivojlantirishni hisobga olgan holda optimallashtirildi.

Xususan, Agentlikning bir qator vakolatlari tegishlicha:

  • Davlat xaridlari sohasidagi vakolatlari — Moliya vazirligiga;
  • Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash hamda qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi shaxslarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha vakolatlari — Qurilish vazirligiga;
  • Baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlashni ta’minlash bo‘yicha vakolatlari — Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Shuningdek, Agentlik qoshidagi:

  • Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUK — Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga;
  • Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi DUK — Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga o‘tkazildi.

Agentlik qoshida Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi DUK tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Agentlik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iste’dodli yoshlarni aniqlash uchun aniq sohalar bo‘yicha har yilgi tanlovlar o‘tkazilishini ta’minlaydi.