Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Farmonga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish va Kapital bozorini rivojlantirish agentliklari tashkil etildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Agentlikka Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish markazining shtat birligi, shuningdek, quyidagi vazifa, funksiya va vakolatlar o’tkazildi:

  • davlatning, shu jumladan, xorijdagi aktivlarini boshqarish;
  • xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (xususan, davlat ulushlarini sotish);
  • davlat mulklarini ijaraga berish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish;
  • davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish;
  • bankrotlik, baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni ta’minlash;
  • mulkni baholash standartlarini tasdiqlash va rieltorlarni sertifikatlash.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi

Agentlikka tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining shtat birligi, shuningdek:

  • qimmatli qog‘ozlar bozori;
  • qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari;
  • Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysini tartibga solish;
  • korporativ boshqaruvni rivojlantirish;
  • Moliya vazirligining lotereyalarni tashkil etish faoliyati bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlari berildi.

Agentlik qimmatli qog‘ozlar amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi investorlar hamda qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, fond birjalarining, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional ishtirokchilarning faoliyatini litsenziyalash kabi vazifalarni amalga oshiradi.