Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng so‘nggi texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan klinika bunyod etish yuzasidan kelishuv imzolandi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

Shuningdek, kelishuvga ko’ra, Germaniyaning Mangeym universiteti klinikasi bilan O’zbekistonlik mutaxassislar tayyorlanadi.

Natijada, o‘ta og‘ir, murakkab va gumonli holatlarga ham aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash imkoni yuzaga keladi. Eng muhimi, ushbu zamonaviy shifoxonada germaniyalik yetakchi mutaxassis va olimlar doimiy asosda ishlaydi. Mangeym universiteti klinikasi professorlari tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Alisher Shodmonov ta’kidlashicha, shu tariqa mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba tibbiyotning barcha yo’nalishlari bo‘yicha Germaniyaning eng ilg‘or tibbiyot markazida mutaxassislarimizni muntazam tayyorlash hamda malaka oshirish tizimiga asos solindi.