Joriy yilning 15 yanvar kuni Respublika “Barkamol avlod” markazida bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni o‘rganish imkonini beruvchi RoboCraft ixtisoslashtirilgan kurslari ochildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

RoboCraft — maxsus kurslardan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlarda o‘quvchilar robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashni o‘rganishi mumkin.

“Kurs mashg‘ulotlari STEAM metodikasi asosida o‘tiladi. Ushbu ta’lim modeli o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ham ko‘mak beradi”, deyiladi xabarda.

RoboCraft kurslari ta’lim yo‘nalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qo‘shma loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Dastlabki bosqichda o‘quvchilar SCRATCH asosida dasturlash bilan tanishtirilib, robot-dizayner Junior E misolida mexatronika asoslari bo‘yicha ta’lim oladi. Shu tarzda algoritmlash bo‘yicha asosiy bilim va zarur ko‘nikmalarni olib,shaxsiy robotlarini boshqarishni o‘rganishadi.

Ta’kidlanishicha, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishni istovchi barcha manfaatdor sarmoyadorlar its@xtv.uz elektron pochtasi orqali murojaat etishlari mumkin.