O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident farmonida keltirilgan.

O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi (Kompaniya) Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi (BAA) kompaniyasining 75% miqdordagi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 25% miqdordagi ulushlari hisobiga 5 million $ miqdoridagi ustav fondiga va 1 milliard $ miqdoridagi kapitalga ega bo‘ladi.

Kompaniya MCHJ shaklida tashkil etiladi va bunda qo‘shimcha ishtirokchilarni o‘rnatilgan tartibda jalb etish mumkin bo‘ladi.

Kompaniya:

  • faoliyat ko‘rsatayotgan va yangi tashkil qilinayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav kapitallarida ulushlar sotib olish;
  • qarzlar berish;
  • qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ustav kapitalidagi ulushlarni mahalliy va xorijiy investorlarga realizatsiya qilish;
  • qonun bilan taqiqlanmagan boshqa shakllarda investitsiya faoliyatini olib borish huquqiga ega.

Shuningdek, kompaniya Birlashgan Arab Amirliklarining investitsiyaviy, moliya institutlari va kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish vazifalarini bajaradi, ular bilan investitsiyaviy munosabatlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi, shuningdek, uning ta’sischilari olingan dividend va foizlar bo‘yicha daromadlar bilan birga foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan, shuningdek, uning mol-mulki va aktivlarini realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan 3 yil muddatga ozod qilinadi.