Endilikda Toshkent shahri bo’yicha ko`chmas mulk Davlat reestridan kadastr korxonasi yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilmagan holda online tarzda ma`lumotnoma olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi saytida ma’lum qilindi.

Davreestr.uz” portali orqali Davlat reestridan ma’lumotnoma olish uchun quyidagi amallar bajariladi:

  1. ONE ID — yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish.
  2. Yuqorida belgilangan formaga o‘zingizni qiziqtirgan ob’yektning kadastr raqamini kiritish.
  3. Tayyor ma’lumotnomani shaxsiy kabinet orqali “pdf” formatda yuklab olinadi. Ma’lumotnoma elektron imzo bilan tasdiqlangan bo‘lib, ma’lumotlar haqqoniyligini QR kod orqali tekshirish imkoniyati mavjud.

Davlat reestridan berilgan ma’lumotnomada har qanday turdagi ko‘chmas mulk obyekti to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlar aks etadi:

  1. Ko‘chmas mulk ob’yektini ro‘yxatga olish vaqtida biriktirilgan noyob kadastr raqami va aniq joylashgan manzili.
  2. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq va huquq ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana.
  3. Obyekt egalari soni va ularning ismi-sharifi.
  4. Ta’qiq mavjud/mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (garov, xatlash va hokazo.).

Ko`chmas mulk obyektlari bo`yicha ma`lumotnoma oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, vasiyatnoma va boshqa shartnomalarni rasmiylashtirish uchun taqdim etiladi.