Bog‘chalarda qo‘shimcha pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘shimcha pullik ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi hujjatda keltirilgan.

Nizomga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan dam olish kunlari va maktabgacha ta’lim muassasasida ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish, uni o‘qitish, hamda o‘quv dasturdan tashqari sport-sog‘lomlashtirish, badiiy-estetik va fanlar bo‘yicha to‘garaklar bo‘yicha qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin.

Qo‘shimcha xizmatlarning narxlar preyskuranti maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Maktabgacha ta’lim muassasasida tashkil etilgan qo‘shimcha xizmat ko‘rsatuvchi guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinishi mumkin.

Buning uchun farzandi qo‘shimcha xizmat ko‘rsatuvchi guruhlarda tarbiyalanishini istagan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tegishli maktabgacha ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat qiladi hamda ular o‘rtasida shartnoma tuziladi.