Innovatsion rivojlanish vaziri, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Andijon viloyati hokimi hamda Gujarant shtatining davlat korporatsiyasi Gujarat Agro Industries Corporation Ltd. rahbari agro-klaster tashkil etishga kelishdilar. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agro klaster qishloq xo‘jaligi ekinlari va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash, yetkazib berish, ularning marketingi bilan shug‘ullanishni amalga oshiradi.

Xabarga ko’ra, Agro-klaster Andijon viloyatida 15−20 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida barpo etilib, keyinchalik respublikamizning boshqa viloyatlariga ham keng tatbiq etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Genom vodiysida faoliyat yuritadigan “Bharat Biotech International” kompaniyasi rahbari Venkatraman Sivaramakrishnan bilan O‘zbekistonga vaksinalar ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda yurtimizda yuqori sifatli va arzon vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik qilishga kelishdilar.

Ta’kidlanishicha, hamkorlikning birinchi bosqichida kompaniya rotovirusli diareyaning profilaktikasi uchun qo‘llaniladigan vaksinani hozirda O‘zbekiston xarid qilayotgan narxdan 50% arzonga yetkazib beradi. So‘ngra O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun xomashyo bilan ta’minlaydi.

Keyinchalik esa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi butkul O‘zbekistonga transfer qilinadi. Bunda o‘zbek-hind davlat xususiy sherikligi tashkil etilib, O‘zbekiston korxona faoliyati uchun zarur yer, ko‘chmas mulk, uskunalar bilan ishtirok etsa, hindistonlik hamkorlar vaksina ishlab chiqarish sohasidagi eng so‘nggi nou-xaular, zamonaviy texnologiyalarni bepul taqdim etadilar, texnik ekspertiza, xodimlarni o‘qitish hamda ishlab chiqarishning boshlang‘ich bosqichini muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oladi.