UzCard karta egalarini “UzCard” brendi ishlatilgan kiber-jinoyat ro‘yxatga olingani bilan ogohlantirdi.

Ma’lum qilinishicha, noma’lum shaxslar tomonidan uzcard.uz rasmiy sayti interfeysi nusxalanib, UzCard to‘lov tizimi nomidan WEBSUM bilan hamkorlikda aksiya takshkil etilgani ro‘yxatga olingan.

Reklamada taqdim etilgan ma’lumotga binoan, ushbu tadbirda qatnashgan ishtirokchilar o‘z karta raqamlarini kiritib, pul miqdori o‘tkazish evaziga ushbu yuborilgan mablag‘dan ma’lum miqdorda foizlarga ega bo‘lishi nazarda tutilgan.

“Rasmiy ravishda e’lon qilamizki, ushbu aksiya UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan tashkillashtirilmagan. Hozirda kompaniyamiz tomonidan ushbu qalloblik hodisasi yuzasidan tergov ishlari boshlangan bo‘lib, yaqin kunlarda uning natijalari borasida sizlarni xabardor etamiz”, deyiladi xabarda.

Kompaniya tekshirilmagan noma’lum internet vositalarga mablag‘larni ishonib topshirmaslikka, domenlarning nomlanishiga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi:

“Domen nomida biron bir harfning o‘zgartirilgani uning haqiqiy emasligidan dalolat beradi: uzcard.org, uzcard.com, uzcard.info.”.

Ilgari Spot kartalarni bankomatlar orqali naqd pul bilan to’ldirish imkoniyati paydo bo’lgani haqida xabar bergan edi.