2019 yil 6 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda deputatlar “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing business” yillik hisobotida O‘zbekiston reytingini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan “Iqtisodiy protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

“Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamalarida oshkoralikni ta’minlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini (yopiq sud majlislarida chiqarilgan hal qiluv qarorlari bundan mustasno) taraflarning roziligi bilan Oliy sud rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shartligiga doir normalar kiritilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga iqtisodiy sudlar tomonidan da’vo summasi kam miqdorda bo‘lgan nizolarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish to‘g‘risidagi normalar kiritishni ham nazarda tutadi.

Unga ko‘ra, soliq to‘lovchining soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish talabi bo‘yicha, agar da’vo summasi yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmagan miqdorda bo‘lsa, da’vo ariza bo‘yicha ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishini belgilash taklif qilinmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonunchilikka kiritilayotgan bu kabi yangiliklar sud ishlarini yuritish tizimiga soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy qilish, ishlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish, muayyan turdagi nizolar bo‘yicha hal qiluv qarorlarini kuzatib borish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, eng muhimi, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.