Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan 292 ta xronometraj tadbirida 150 nafar kishi norasmiy ravishda ishlayotganligi aniqlandi.

Xususan, Oltinkoʻl tumani “Qoʻshtepa saroy” mahalla hududida faoliyat yuritayotgan “Mubina grand tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobotlarida 33 nafar xodim ishlayotganligini koʻrsatib kelgan. Tadbir chogʻida korxona 62 nafar ishchisiga konvert usulida maosh berib kelayotganligi ayon boʻldi.

“Qoʻshimcha ishchi” oʻrni yaratib, ularni yashirish borasida “Oltinkoʻl universal savdo” markazi ham aslo qolishmagan. Hujjatda 22 nafar xodim bor. Ammo 34 kishi mehnat qilayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, “Ittifoq” mahallasidagi “Oltinkoʻl non ishlab chiqarish” MCHJ’da 12 kishi mehnat qilayotgan boʻlsa-da, jamiyat oʻz hisobotlarida faqat 1 nafar xodimni koʻrsatgan xolos. 11 ishchiga “konvert” usulida haq toʻlab kelgan.

“Mana yana bir misol, „Anjom“ koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi birinchidan, korxona ishchilari sonini oʻz hisobotlarida 5 ta koʻrsatgan. Aslida esa 23 kishi mehnat qilayotganligi maʼlum boʻldi. Ikkinchidan, naqd pul tushumi ham chakki boʻlmagan. Lekin oʻzini goʻyoki „kamtarona“ savdo qilayotganday koʻrsatgan. Bir hafta oldin korxonaning savdo tushumi 100 ming soʻm boʻlgan, tadbir kuni qariyb 50 barobarga oshib, 4 mln. 946,5 ming soʻmni tashkil etdi”, — deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akromjon Ochilov.

Shuningdek, xronometraj tadbirlarida savdo tushumi oʻtgan haftaning mos kunlariga nisbatan “Darvoza savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati Qoʻrgʻontepa shoxobchasida 5 mln. 860 ming soʻmga, Asaka shoxobchasida 24 mln. 484 ming soʻmga, Izboskan shoxobchasida esa 3 mln. 695 ming soʻmga oshdi.

Uch kunlik tadbir mobaynida 8 ta tadbirkorlik subyektining savdo tushumlari 122,9% ga oshib, 119 mln. 868 ming soʻmni tashkil etishiga erishilgan.