Prezident farmoniga muvofiq, davlat ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlarini sotib olish to‘lovlarini to‘lashning muddatlari joriy etildi.

2019 yil 1 martdan davlat ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlarini sotib olish to‘lovlarini to‘lashning quyidagicha muddatlari joriy etiladi:

  • EKIHning 3 000 baravarigacha — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 3 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 7 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 7 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 15 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 15 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 20 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 20 000 baravaridan yuqori bo‘lganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda.

Xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari to‘lov muddatlarini uzaytirish va chegirmalar taqdim etish mexanizmlari qo‘llanilmagan holda sotiladi.

Davlat organlari qarorlari bo‘yicha sotilgan obyektlarning oldi-sotdi shartnomalari majburiy notarial tasdiqlanmaydi.

“Nol” qiymatda sotishda, shu jumladan, avval sotilgan davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha investitsiya majburiyatlari bajarilgan deb qabul qilingan paytdan boshlab bir yil davomida yangi ish o‘rinlarini saqlab qolish tartibi bekor qilindi.