2019 yilning 11 fevraldan 17 fevralgacha bo‘lgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 664 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi deyarli 3,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 21% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 48% ikkinchi va 31% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 36% ga teng. Ikkinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyatining avto havaskorlari 13% ulush bilan joylashdi.

Keyingi o‘rin Farg‘ona viloyatining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, ulushi 10% ni tashkil qildi. Qolgan hududlarning ulushi 41% ga teng.