Prezident 21 fevral kuni neft-gaz hamda kimyo sanoatida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tahlil qilish, ushbu tarmoqlarni tizimli rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Energetika va Moliya vazirliklariga “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi bo‘yicha 2,3 milliard $ lik xorijiy kreditlarning moliyalashtirish shartlarini belgilash, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasi bo‘yicha “Gazprombank"ning 300 million $ lik krediti jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablag‘larni mamlakatimizning yevroobligatsiyalari hisobidan moliyalashtirish lozimligi ta’kidlandi.

“O‘zbekneftgaz” va “O‘zkimyosanoat” rahbariyatiga tabiiy gazdan yuqori qo‘shilgan qiymatli polimer, polistirol, PET, sintetik kauchuklarni ishlab chiqarish konsepsiyasini tayyorlab, joriy yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan neft-gaz xalqaro konferensiyasida chet ellik investorlarga taqdimot qilish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, “O‘zbekneftegaz” jamiyati tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tariflarni bozor tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqish, neft bazalar va hududiy gaz ta’minoti xizmatlarini bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida, jumladan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish bo‘yicha aniq choralar ham nazarda tutilishi kerakligi aytildi.