Kimyo sanoatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish maqsadida umumiy qiymati 8 milliard $ lik 33 ta loyiha belgilangan bo‘lib, bu yil 4 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bu haqda 21 fevral kuni prezident o’tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoati yuqori rentabelli tarmoq ekanini ta’kidlab, 2019−2025 yillarga belgilangan istiqbolli loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Jumladan, Qo‘qon superfosfat zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, Yangiyer shahrida ammiak va karbamid zavodini barpo etish bo‘yicha investorlarni aniqlash vazifasi qo‘yildi. Kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilishni tezlashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish maqsadida sohani xususiy mulkchilik asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

“„O‘zkimyosanoat“ rahbariyati bugungi dolzarb masalalardan kelib chiqib, faqat mineral o‘g‘itlar bilan shug‘ullanmasdan, sohani ko‘p tarmoqli tizimga aylantirish yo‘lida izlanishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Uning so’zlariga ko’ra, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ularning turlarini ko‘paytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashi zarur.