23 fevral kuni Angliya Premyer-ligasi (APL) 27-turida bo’lib o’tgan ikkita uchrashuvda stadionlardagi o’n minglab va ekran ortida yuz minglab tomoshabinlar O’zbekistonga chorlovchi yozuvni ko’rdilar.

Life is too short not to visit Uzbekistan (“Hayot juda qisqa, O’zbekistonga tashrif buyurishga ulgurib qoling”): bunday yozuv sig’imi 22,5 ming kishidan iborat bo’lgan “Terf Mur” stadionida bo’lib o’tgan “Bernli” va “Tottenxem” jamoalari o’rtasidagi o’yin, shuningdek, “Kristal Pelas” ning “Lester Siti” ga qarshi o’yinida (32 mingdan ziyod tomoshabinlarga mo’ljallangan “King Power” stadionida) namoyon bo’ldi.

Mamlakatning sayyohlik salohiyatini reklama qilish bepul o’tkazildi — shu sababli O’zbekistonning Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi yangi, nostandart aloqa kanalini sinab ko’rishga qaror qildi.

Spot mazkur reklamaning tashabbuskori, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisining maslahatchisi Behruz Xamzayev bilan suhbatlashib, g’oya qanday paydo bo’lgani va reklama nega bepul joylashtirilganligini bilib oldi.

Behruz Xamzayev

Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisi maslahatchisi

Mamlakatimizning bugungi sayyohlik salohiyatida mahsulotni ilgari surishning standart usuli eskirgan, odatdagi aloqa kanallari yaxshi natijalar bermaydi.

Millenniallar reklamalarga ishonmaydilar. Ular agar reklama biror bir saytga kirganda alohida oynada qalqib chiqsa uni darhol o’tkazib yuboradilar. Shuning uchun insonlar xohishlaridan qat’iy nazar ko’zlari oldida paydo bo’ladigan reklama namoyishining qiziqarli yo’llarini izlashimiz kerak.

Men futbol muxlisiman. Bundan tashqari, bu millionlar o’yinidir va uni butun dunyo bo’ylab milliardlab odamlar tomosha qiladi. Shuning uchun ushbu maydonni sinab ko’rishga qaror qildim.

Premer-liga dunyodagi eng mashhur sport musobaqalaridan biri bo’lib, ko’p sonli tomoshabinlariga ega.

Eng ko’p ko’rilgan jahon chempionatlar reytingi. Manba: Nielsen Sport

Albatta, APLda hech narsa bepul qilinmaydi. Premier-liga menejerlari bilan olib borilgan muzokaralar bir necha oy davom etdi. Ular bizga hamkorlik qilish uchun bir nechta variantlarni taklif qilishdi. Kelishuv natijasida ikkita o’yinda bepul reklamalar joylashtirildi va yangi maydon sinovdan o’tkazildi.

Hozirda natijalarni kutmoqdamiz, ularga erishgandan so’ng keyingilarini ishlab chiqamiz: reklama endi bir yoki ikki o’yinda emas, balki butun Premer-ligada, shu jumladan, yetakchi klublar ishtirokidagi o’yinlarda ham namoyish etiladi.

Men APL bilan ishlashni davom ettiramiz deb umid qilaman. Endi haq to’lash asosida amalga oshirilsa-da, bunday qadam o’zini oqlaydi deb o’ylayman.

Afsuski, hozircha muzokara tafsilotlarini e’lon qila olmayman. Biroq, bizga salmoqli chegirmalar berilganini ayta olaman. Bundan tashqari, APL uchun brend emas, balki butun mamlakat sifatida hamkorga ega bo’lish muhimdir. Bunday kampaniya ularga o’z portfelini boyitish uchun zarur.

Reklamani joylashtirishga muvaffaq bo’lganligimizning yana bir sababi — bu Premer-liga vakillariga ma’qul bo’lgan munosib g’oya, yaxshi animatsiya, muvaffaqiyatli marketing qadamidir.

Birinchi natijalar

Albatta, o’zgarish darhol amalga oshmaydi. Bu yilgi sayyohlar sonining ko’payishini kutmoqdamiz. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda odamlar reklamani ko’rganlaridan keyin O’zbekistonga albatta tashrif buyurishlari, ba’zilar hatto chipta sotib olganliklarini yozib qoldirmoqdalar:



Reklamadan ijobiy natijalar ko’rinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, 200 million kishi buni ko’rib chiqdi, Viewable Impression — 1 milliarddan ortiq. Batafsil ma’lumotni kampaniyaning qanchalik muvaffaqiyatli ekanini baholovchi Nielsen taqdim etadi.

Bundan tashqari, bunday reklamani kesib, yopib yoki boshqa kanalga o’zgartirib bo’lmaydi. U doim fotosurat va videolarda o’yinning bir qismi bo’lib qoladi. Misol uchun, matchdagi unutilmas lahzalar aks etgan bir nechta roliklarda O’zbekistonga chorlovchi reklama aks etganini ko’rdik.

Konsepsiya haqida

Slogan aloqa kanalining xususiyatlarini hisobga olgan holda tanlandi: maydonning atrofidagi LED displeyining uzunligi 200 metr, balandligi esa 1 metr. Bunday ekranda ko’p narsani ko’rsatib bo’lmaydi.

Xabarni yetkazish uchun iloji boricha harakat qildik. Har bir o’yinda faqat 2 daqiqadan vaqtimiz bor edi. Birinchi taymda 30 sekundlik ikkita namoyish, ikkinchisida ham huddi shunday.

Ushbu 30 soniya ichida odamlarda qiziqish uyg’ota oladigan va harakatga chorlaydigan maksimal ma’lumot berishga ulgurish kerak edi (hech bo’lmasa taym-aut vaqtida telefonni ochib, O’zbekiston haqida ma’lumot izlashga undash lozim edi).

Biz Visit Uzbekistan now, Visa free for 64 countries messenjini berdik. Ekranning quyi qismidan yuqori qismiga qarab namoyon bo’ladigan parallaks usulini qo’lladik.

Buning uchun Buxoroning yaxshi panoramali fotosuratini topdik, chunki O’zbekistonni juda kam odam biladi. Mamlakatimiz haqida eshitgan odamlar uni islom me’morchiligi, ko’k gumbaz, minoralar tasavvurini beradigan Ipak yo’lining bir qismi deb bilishadi — biz bu tasavvurlarni qo’lga kiritishimiz kerak bo’lib, buning uchun Buxoro parallaksi mukammal edi.

Natijada Life is too short not to visit Uzbekistan shov-shuvli shiorini yozdik. Bu, hech bo’lmaganda, odamlarda tabassum yoki qandaydir tuyg’ularni uyg’otadi. Reklama funksiyasi — har doim taassurot qoldirish. Agar u ijobiy bo’lsa, u odamni muayyan harakatlarga olib boradi.