Prezident ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ortda qolayotgan hududlar masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Bugungi kunda yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada qator loyihalar ishlab chiqilmoqda. Davlatimiz rahbari aksariyat loyihalar infratuzilma qulay bo‘lgan tumanlarga joylashtirilib, boshqa hududlar e’tibordan chetda qolmasligi kerakligini ta’kidladi.

Yurtimizda o‘ttiz ikkita tumanda sanoatning ulushi viloyat ko‘rsatkichining 3%iga ham yetmasligi tanqid qilindi. Ushbu tumanlarning geografik joylashuvi, xomashyo bazasi, mehnat resurslaridan keng foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasiga har bir tuman kesimida qazilma boyliklari zaxirasidan kelib chiqib, ularni sanoatlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh tumanlarning logistika, eksport va servis salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy holati nisbatan orqada bo‘lgan tumanlarda kooperatsiya asosida kichik sanoat zonalari tashkil etib, ularda to‘qimachilik, ko‘nchilik, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo‘yicha loyihalarni joylashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur tumanlarda ishlab chiqarish va transport infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy ishlar ham belgilab berildi. Avvalo, Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligidagi ishchi guruh joylarga chiqib, o‘ttiz ikkita tumanda har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqadi.

“Bu loyihalar aniq bo‘lishi: nechta korxona ishga tushadi, qancha infratuzilma quriladi, qancha aholi band bo‘ladi, degan hamma savollarga javob bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir e’tiborli jihati, ushbu loyihalarni moliyalashtirish manbalari “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlar bilan bog‘liq holda hal etiladi. Mazkur tumanlardagi kam ta’minlangan oilalarni o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha maqsadli dastur amalga oshiriladi.