18 fevraldan 24 fevralgacha bo‘lgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 884 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 4,7 milliard so‘mdan ziyodni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 21% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 47% ikkinchi va 32% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 20% ga teng. Ikkinchi o‘rinda Buxoro viloyatining avto havaskorlari 14% ulush bilan joylashdi.

Keyingi o‘rin Farg‘ona viloyatining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, ulushi 11% ni tashkil qildi. Qolgan hududlarning ulushi 55% ga teng.