Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi direktori Rustam Abduraupov o‘zining 2019 yil 22−27 fevral oralig‘ida Italiyaga safari doirasida Milan texnika universiteti qoshidagi Biznes oliy maktabi Prezidenti Andrea Sianessi bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda LBMA matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Tomonlar istiqbolli sohalar va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini, jumladan, birgalikdagi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, qo‘shma konferensiyalar, forumlar, seminarlar va boshqa ilmiy va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish kabi masalalarni muhokama qildilar.

“„Ikki diplom“ modeli va qisqa muddatli kurslar doirasida magistrlik dasturida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan „Loyiha menejmenti“ sohasidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ta’lim dasturlari va rejalari xalqaro standartlar va eng yaxshi chet el amaliyotlari talablarini hisobga olgan holda, har ikki tomon vakillari tomonidan birgalikda ishlab chiqiladi.

Dasturlar doirasida o‘qitish ham Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi asosida, shu jumladan, italyan o‘qituvchilarini jalb qilgan holda ishtirokida, ham Milan shahridagi Oliy Biznes Maktabi asosida amalga oshiriladi.

Loyiha boshqaruvi milliy agentlikning Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi bilan Milan Texnik Universitetining Oliy biznes maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

1863 yilda tashkil etilgan Milan Texnika Universiteti Italiyaning yirik davlat texnik universitetidir. Dunyoning yetakchi reyting agentliklaridan biri — QS World University Rankings bahosiga ko‘ra, ushbu universitet Italiyada 1- va dunyoda 156- o‘rinda turadi.