Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan “O‘zbekistondan eksport qilinadigan meva-sabzavot hamda tekstil mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish to‘g‘risida"gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Monitoring mohiyati eksport narxlar shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatishdan iborat.

Meva-sabzavotlarning 38 ta pozitsiyasi va to‘qimachilik mahsulotlarining 147 ta pozitsiyasi bo‘yicha “tavsiya etiladigan” eksport narxlarni belgilash taklif qilinmoqda. Bu bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shug‘ullanadi, ushbu narxlar uning saytida: meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha — har o‘n kunlikda, to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha — har oyda e’lon qilinadi. Narxlarning kuchga kirish muddati — e’lon qilingan paytdan boshlab 2 kun.

Bunda idora quyidagilarga tayanib ish ko‘radi:

  • xorijdagi diplomatik vakolatxonalardan olingan tashqi bozorlardagi narxlar;
  • OAVda (shu jumladan Internetdagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda e’lon qilingan narxlar;
  • tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining respublika mintaqalaridagi vakolatli vakillaridan olingan eksport narxlar;
  • meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari tannarxi, ichki bozordagi ulgurji va chakana narxlari.

Eksport qiymati “tavsiya etiladiganidan” 30%dan ortiq pasaytirilganini aniqlagan DBQ bu haqda DSQ va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beradi. Ular, o‘z navbatida, aniqlangan dalillar yuzasidan “qonun hujjatlariga muvofiq” choralar ko‘radi. Loyihada aniq sanksiyalar (choralar) va ularni qo‘llash mexanizmi qayd etilmagan.

korzinka.uz supermarketlari tarmog’i asoschisi Zafar Hoshimov qizg’in munozaralarga sabab bo’layotgan qaror loyihasiga o‘z munosabatini bildirib, naxlarning davlat tomonidan tartibga solinishi biznesga katta zarar yetkazishini misollar asosida keltirdi.

Tadbirkor o’tmishda aynan eksportga minimal narxlarning huddi mana shunday tarzda nazorat qilinishi va o‘rnatilishi tufayli fermer va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bir necha marta kasodga uchrab, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga samarali ko‘rsatkichlar bilan yetkazib bera olishmaganini eslatib o’tdi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 20 martga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.