Prezidentning “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan ajratiladi.

Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Shuningdek, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomonidan lalmi va yaylov yerlar o‘zlashtirilgan taqdirda, ularga chorva mollarini saqlash (fermalar), shu jumladan, energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish hamda boshqa turdagi infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkalarini, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimlarining qarorlari asosida ajratib berilishi ta’minlanadi.

Qaror bilan, 2022 yil 1 yanvarga qadar:

  • ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xom ashyolar bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi;
  • asalarichilik sub’ektlari asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirib chiqarishi natijasida yig‘ib olgan tabiiy asalni respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi bo‘yicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qo‘llaniladi.

Xususan, asalarichilik subyektlariga bahor-yoz mavsumida asalari oilalarini qo‘shni mamlakatlarga “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida ko‘chirib chiqarishga ruxsat berildi.