Prezident “O‘zbekistonda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Shuningdek, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘arma mablag‘lari jumladan, bog‘larda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sig‘imlar xarid qilish uchun sarflanadi.

Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari subsidiya ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Bunda ajratiladigan subsidiya miqdori quyidagicha belgilandi:

  • bir gektar ekin maydoniga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga 6 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;
  • maydoni 35 gektardan ziyod bog‘larda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kichik tadbirkorlik sub’ektlariga intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50%igacha, ammo 5 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi mablag‘ga kafillik beradi.

2019 yil 1 sentyabrga qadar bog‘ plantatsiyalari va issiqxona xo‘jaliklarining yagona elektron reyestri shakllantiriladi, 2019 yil 1 oktyabrga yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognoz ko‘rsatkichlari, pishish vaqti to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi axborot platformasi ishga tushiriladi.

Respublikadagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda “ishlab chiqarish — tayyorlash — saqlash — qayta ishlash — qadoqlash (tara) — tashish — ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish” tamoyili asosida meva savdo-logistika markazlari tashkil etiladi.