Davlat soliq qo’mitasi birinchi chorak yakunlarini sarhisob qildi.
Qo’mitada ta’kidlanishicha, tizimning isloh qilinishi, ilg’or xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etilishi mamlakat soliq sohasida oshkoralik va adolatni ta’minlashga yordam berdi.
Joriy yilning birinchi choragida byudjetdan tushadigan daromadlar 18,4 trln. so’mni tashkil etdi, bu o’tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 barobar ko’pdir.
Jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan soliq tushumlarining natijalari fuqarolarning ko’proq qonun bo’yicha ish qilishni boshlagani va tadbirkorlarning soyadan chiqayotganidan dalolat beradi. Masalan, joriy yilning birinchi choragida qo’shimcha qiymat solig’i ko’rsatkichlari ikki barobarga oshdi. QQS to’lovchilari soni esa 5 barobar oshdi — bu 35 mingta tadbirkorlik subyekti demakdir.
Tanlangan iqtisodiy yo’l to’g’riligining asosiy indikatori daromad solig’i ko’rsatkichlari hisoblanadi. Birinchi chorakda daromad ko’rsatkichi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 2,6 barobar o’sdi. Mazkur soliqni to’layotgan tadbirkorlarning soni 32 mingdan oshgan holda 5 barobar ortdi.
Shu bilan birga, joriy yilning birinchi uch oyligida 49,7 ming yuridik shaxslar soliq to’lovini amalga oshirdi, bu o’tgan yilgi ko’rsatkichlarga nisbatan 14,4 barobar ko’pdir.
Ushbu davrda yer solig’i to’lovchilari soni 5,8 barobar ortib, 75 ming yuridik shaxsga yetdi.
“Jismoniy shaxslar daromadi bo’yicha 12%lik yagona soliq stavkasining joriy qilinishi ish o’rinlarini legallashtirishga qo’shimcha rag’batlantirish bo’lib xizmat qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Hozirgi kunda fuqarolarning daromadlari bo’yicha mehnatga haq to’lash fondiga soliq stavkasining pasayishi hisobiga korxonalar tasarrufida 169 mlrd. so’m qolmoqda.
Umuman olganda, chorak mobaynida daromad solig’ini to’layotgan jismoniy shaxslar soni 4,8 mln. kishiga etdi, ya’ni o’tgan yilning shu davriga nisbatan 450 mingga, mos ravishda 10%ga oshdi.