2019 yil 4 aprel kuni noma’lum shaxs “Beeline” uyali aloqa kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qilib, kompaniyani portlatib yuborishini aytgan, xabar beradi IIV matbuot xizmati.

Mijoz hisobi to‘ldirilgan bo‘lsa ham qo‘ng‘iroq qilolmayotganini, agar 5 daqiqada hisob raqamimini yoqmasa, kompaniyani portlatib yuborishini bildirgan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor aniqlov tadbirlari natijasida, ushbu qo‘ng‘iroqni Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Nurafshon MFY Navbahor ko‘chasida yashovchi V.M. mast holda, aloqa tarmog‘i yaxshi ishlamaganligi sababli qo‘ng‘iroq qilganligi aniqlanib, V.M. qo‘lga olingan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Beeline Uzbekistan Spot’ga hodisani tasdiqlab, bu kimga yo’naltirilganidan qat’iy nazar har qanday tahdidlarga javob berish uchun standart algoritm ekanligiga aniqlik kiritdilar.