4 aprel kuni prezident boshchiligida o’tkazilgan yig’ilishda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar belgilab berildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish bo‘yicha qator vazifalarni hal etish lozim. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.

Bu sohada “Yagona darcha” tizimi to‘liq joriy etilmagani oqibatida tadbirkorlar o‘z mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi “Yagona darcha” tizimini joriy etish topshirildi.

Shuningdek, Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yo‘l transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, “yagona darcha” tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan avtomobil transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berildi.