9 aprel kuni asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik hozirgi kunda Qozog‘istonda tadbirkorlik faoliyatini yuritib kelayotgan Fattoh Shodiyev delegatsiyasini Sirdaryo viloyati hokimi kutib oldi.
Uchrashuvda ma’lum bo’lishicha, “Shodiyev Xalqaro fondi” jamg‘armasi tomonidan 40 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi, xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘ning qariyb 30 mlrd. so‘mi viloyatning maxsus hisob raqamiga kelib tushdi.
Mazkur mablag‘lar Sirdaryo viloyatining chekka qishloqlarini odobonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini, avtomobil yo‘llarini, oqova suv tizimlarini mukammal ta’mirlash uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mablag‘ning bir qismi Xovos tumanida barpo etilayotgan “Xovos city” qurilishiga sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.
1996 yilda tashkil etilgan Fattoh Shodiyev fondi taʼlim va ijtimoiy sohani rivojlantirishga hissa qoʻshadi. Fondning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi 2017-yilning 6-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkazildi. Fondning Bosh ofisi Lixtenshteynda joylashgan boʻlib, asosiy maqsadi ilmiy, tibbiy, ijtimoiy, madaniy va taʼlim sohalarida loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi.