2019 yil 1 — choragida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Ish rejasi, Hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida 1 993 ta nazorat tadbirlari o’tkazildi.

O’tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 70,2 mlrd.so'm miqdorida byudjet intizomini buzilish holatlari va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlandi (2018 yil 1-chorakda 30 mlrd.so'm bo’lgan), xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Nazorat tadbirlarining asosiy qismi (68,1%) byudjet intizomiga rioya etilishi va mablag’larning maqsadli foydalanishi yuzasidan o’tkazilgan bo’lib, nazorat tadbirlarida aniqlangan 23,4 mlrd so’m byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi, maqsadsiz va asossiz xarajatlardan 19 mlrd.so'mi (81,2%)ni (2018 yilda 67,4%ni tashkil etgan) byudjetga tiklanishi ta’minlandi.

Vazirlik va idoralar kesimida eng ko’p miqdorda aniqlangan qonun buzilish holatlari quyidagicha:

  • Oliy va o’rta maxsus ta’limi vazirligi tizimida qonun buzilish holatlari miqdori 6,2 mlrd.so'mni tashkil etib, shundan 4,9 mlrd.so'mi (78%) byudjetga tiklandi;
  • Xalq ta’limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 3,7 mlrd.so'mni tashkil etib, shundan 3 mlrd.so'mi (80%) byudjetga tiklandi;
  • Sog’liqni saqlash vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 1,5 mlrd.so'mni tashkil etib, shundan 1,4 mlrd so’mi (89%) byudjetga tiklandi;
  • Maktabgacha ta’limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari 1,5 mlrd.so'mni tashkil etib, shundan 1,2 mlrd.so'mi (83%) byudjetga tiklandi.

Yirik miqdorda moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (5,3 mlrd.so'm), Surxondaryo (2,5 mlrd.so'm), Farg’ona (2,1 mlrd.so'm), Samarqand (2,1 mlrd.so'm), Qashqadaryo (1,9 mlrd.so'm), Andijon (1,5 mlrd.so'm), Toshkent (1,3 mlrd.so'm) viloyatlarida va Toshkent shahrida (2,6 mlrd.so'm) aniqlangan.

Byudjet intizomini buzilishiga yo’l qo’ygan byudjet tashkilotlarining 67 nafar mansabdor va mas’ul shaxslariga qonunchilikda belgilangan tartibda 47,8 mln.so'mlik ma’muriy jarimalar qo’llanildi.