Davlat sektorida mehnatga haq to’lash va ustamalar tuzilmasini qayta ko’rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Aprel oyining 2−11 sanalarida davlat sektorida mehnatga haq to’lash tizimi va bandlik masalalari bo’yicha Aleks Appiya-Koranteng (Davlat sektori bo’yicha bosh mutaxassis) boshchiligidagi Jahon banki missiyasi faoliyat olib bordi.
Bugungi kunda xalqaro ekspertlar ishtirokida davlat sektorida mehnatga haq to’lash tizimini isloh qilish bo’yicha Yo’l xaritasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yo’l xaritasi ikki bosqichdan iborat bo’lib, 1,5 yildan 3 yilgacha bo’lgan muddatda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Birinchi bosqichda ish haqi va kadrlar boshqaruvi masalalari bo’yicha mustaqil davlat organi, shuningdek, islohotlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo’lgan idoralararo komissiya tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Dastlabki bosqichda davlat sektorida mehnatga haq to’lashni belgilash metodologiyasi, jumladan ish haqi miqdoriga ta’sir qiluvchi mezon (omil)larni hamda har bir lavozim bo’yicha funktsional majburiyatlarni belshilash metodologiyasi ishlab chiqiladi. Ushbu bosqichda ish xaqi miqdorini aniqlashning yangi tizimini 5−6 ta tarmoq vazirliklari va idoralarda tajriba sifatida qo’llash rejalashtirilmoqda.
Ikkinchi bosqichdagi eng asosiy vazifa bo’lib, barcha vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlari, shu jumladan ularning hududiy bo’linmalarining to’liq funktsional tahlilini o’tkazish, shuningdek mehnatga haq to’lash va tariflarning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishdan iborat bo’ladi.
Davlat sektorida mehnatga haq to’lash va bandlik tizimini isloh qilish natijasida quyidagi strategik maqsadlarga erishish kutilmoqda:
- davlat sektorida mehnatga haq to’lash fondining moliyaviy barqarorligiga erishish;
- davlat sektorida mehnat resurslarining samaradorligi va natijaviyligini oshirish;
- kadrlar boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish;
- davlat sektorida xodimlar mehnatiga mutanosib ish haqi to’lanishining shaffofligi, adolatliligi va tengligini ta’minlash hisobidan har tomonlama munosib ish jarayonini joriy etish.