Toshkent shahar hokimligida Italiyaning “Kedrion biopharma” tibbiyot kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.

“Kedrion biopharma” tomonidan ishlab chiqariladigan plazmadan olingan terapevtik mahsulotlar butun dunyoda gemofiliya va immunitet tanqisligi kabi kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Xususan, Yevropa, Yaqin sharq va Osiyo davlatlari kompaniya mahsulotlarining asosiy xaridorlari hisoblanadi.

Toshkentda ham zamonaviy talablar asosida qon preparatlarining bir necha turini tayyorlashga ixtisoslashgan zavod ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Kompaniya direktori Djovanni Akrolyanoning qayd etishicha, Toshkentda yangi liniyaning yo‘lga qo‘yilishi uchun “Kedrion biopharma” tomonidan 25 mln. $ miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari kiritiladi hamda zavod laboratoriyasi so‘ngi texnologiyalar asosida jihozlanadi.

“Bu esa bugungi kunda tibbiyot ehtiyoji uchun nihoyat muhim bo‘lgan noyob qon preparati mahsulotlari O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilishiga sharoit yaratadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya tomonidan tayyorlanadigan faktor VIII plazma liniyasining narxi jahon birjasida belgilanishiga qaramasdan, O‘zbekiston uchun uning narxi dastlabki kelishuvga asosan kamida 8 yil davomida o‘zgarmay qoladi.

Uchrashuvda “Kedrion biopharma” tibbiyot kompaniyasi bilan hamkorlik munosabatlarni o‘rnatish haqidagi anglashuv memorandumi imzolandi. Yangi zavod qurilishi bo‘yicha loyiha komissiyasini tuzish yuzasidan ishchi guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida takliflar kiritildi.