Yagona Umumurespublika Protsessing Markazi (YAUPM) ommaviy axborot vositalari orqali Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilariga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan bosh tortilgani hamda bir qator bank xodimlari tomonidan Humo to‘lov tizimining qiziqishlari targ‘ib etilgan holatlar qayd etilganini ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, Humo banklararo Milliy protsessing markazi (BMPS) tizimini joriy etish ishlari davomida bank xodimlari tomonidan Humo BMPS faoliyati bilan bog‘liq ravishda Uzcard banklararo to‘lov tizimining faoliyati to‘xtatilishi borasida asossiz ma’lumotlar tarqatilishi kuzatilgan.

“Bugungi kunga kelib, Uzcard banklararo to‘lov tizim ishtirokchilari tomonidan YAUPM hamda bank o‘ratasidagi shartnomani bekor qilish so‘rovlari qayd etilmagan”, deyiladi xabarda.

Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari, jumladan, savdo-xizmat tashkilot vakillaridan quyida keltirilgan holatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi va huquq tartibot organlariga murojaat etishni so‘ramoqda:

  • tijoriy banklar tomonidan Uzcard hisob terminallari majburiy tarzda qaytarib olinishi;
  • tijoriy banklar va savdo-xizmat tashkilotlari tomonidan Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
  • bank xodimlari tomonidan amaldagi Uzcard plastik kartalarni Humo to‘lov tizimi kartalariga almashtirishga qaratilgan targ‘ibot;
  • Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish, jumladan, kartalardan naqd pulni yechib olishdan bosh tortish;
  • Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari orasida asossiz jamoatchilik fikrini va kompaniyaga tegishli salbiy imidjni shakllantirishga tegishli noqonuniy hatti-harakatlar kuzatilishi.

Ilgari Spot Uzcard yangi logotipini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.